SSV: Ftiziatriya va pulmonologiya markazi Rossiyaning nufuzli muassasasi bilan memorandum imzoladi
29 апреля 2025
Admin
0 Comments
Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko’ra, o’tgan yili dunyo bo’yicha 10,8 million kishiga tuberkulyoz tashxisi qo’yilgan. Ekspertlar ko’rsatkichlar yil sayin oshib borayotgani, qolaversa, sayyoramiz bo’yicha xastalikning dorilarga chidamli turlari keng tarqalayotganidan xavotirda.
Shunga qaramay, O’zbekistonda tuberkulyozni aniqlash va davolash borasida katta yutuqlarga erishilmoqda. Bemorlarni darddan xalos qilish uchun yuqori texnologik amaliyotlar joriy qilinyapti.
Bunga xastalikni davolashga mas’ul, hududlarda o’z vertikallari mavjud Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining turli davlatlar nufuzli tibbiyot muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini o’rnatganligi ham zamin yaratmoqda.
Jumladan, markaz doimiy ravishda rossiyalik hamkasblari ishtirokida qator mahorat darslari tashkil qilib keladi. Ushbu aloqalarning mevasi sifatida Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Nargiza Parpieva hamda Moskva shahar silga qarshi kurash ilmiy-amaliy markazi direktori o’rinbosari Oleg Zuban tomonidan ikki muassasa o’rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Memorandum doirasidagi birinchi tadbirlar asnosida 20 nafar mahalliy tibbiyot xodimi rossiyalik mutaxassis ishtirokidagi mahorat darslarida qatnashib, yangi usuldagi operasiyalarni o’zimizda qo’llashga tayyorgarlik ko’rishadi. Bir necha kun davomida 10 nafarga yaqin bemorlarda yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarini bajarish ko’zda tutilgan.
Ushbu amaliyotning muhim jihati shundaki, siydik yo’llar siliga chalingan va umrining oxirigacha drenaj taqib yurishga majbur bemorlar birgina yuqori texnologik operasiya tufayli bu darddan xalos bo’ladi. Natijada bemorlarning hayot sifati yaxshilanib, davolanishga bo’lgan ishonchi yanada ortadi.
Bir so’z bilan aytganda, Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida chet ellik hamkasblar yordamida bu kabi bir qancha yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarini joriy qilish ko’zda tutilgan.