JSST: Shakar oʻrnini bosuvchi sunʼiy mahsulotlar sogʻliq uchun xavfli
18 мая 2023
Admin
0 Comments
Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining navbatdagi hisobotiga koʻra, shakar oʻrnini bosuvchi sunʼiy qoʻshimchalar inson salomatligi va hayotiga jiddiy xavf tugʻdiradi.
Ushbu xulosa bir necha yil davomida oʻtkazilgan 283 ta tadqiqot natijalariga asoslangan.
Maʼlumki, 25-30 gramm shakar isteʼmoli kunlik meʼyor hisoblanadi. Bundan ortigʻi semirish va xavfli kasalliklar rivojlanishiga olib keladi. Shu sababli baʼzilar shakar oʻrnini bosuvchi sunʼiy qoʻshimchalardan foydalanish xavfsiz, deb oʻylaydi.
Aslida, oziq-ovqat mahsulotlari va ichimliklarga shirin taʼm bagʻishlashda qoʻllaniladigan saxarin, aspartam, kaliy atsesulfam, sukraloza, neotam, advantam, steviya va uning hosilalari dastlab tana vaznini kamaytirsa-da, ammo ushbu jarayon uzoq davom etmaydi.
Aksincha, bunday mahsulotlarning odatiy isteʼmoli bora-bora semirishga olib keladi. Oqibatda insonlarda 2-toifa qandli diabet rivojlanish xavfi 34 foizgacha oshadi.
Qolaversa, bunday moddalardan tez-tez foydalanuvchilarda yurak-qon tomir kasalliklariga chalinish ehtimoli 32 foiz (jumladan, insult — 19 foiz, gipertoniya —13 foiz) yuqori. Oʻz navbatida, bu omil oʻlim xavfi 10 foiz ortishiga xizmat qiladi.
Shu bois ekspertlar organizmning shakarga boʻlgan ehtiyojini meva-sabzavotlar va boshqa tabiiy mahsulotlar isteʼmoli orqali taʼminlashni tavsiya qilmoqda.
Bu koʻrsatmalarga qandli diabetga chalingan bemorlardan boshqa aholi qatlami amal qilishi maqsadga muvofiq.
Binobarin, JSST xulosalari tish pastasi, turli kremlar kabi shaxsiy gigiyena vositalari hamda dori-darmonlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.