Qashqadaryo Viloyat Ftiziatriya va Pulmonologiya Markazi rahbari va xodimlari Toshkent Davlat Tibbiyot Universitetida bo‘lib o‘tgan “Karera-2025” mehnat yarmarkasida ishtirok etishdi.
Bugun, Toshkent davlat tibbiyot universitetida bitiruvchi talabalar uchun yirik mehnat yarmarkasi — “Karyera 2025” tashkil etildi. Tadbir sog‘liqni saqlash tizimi muassasalari bilan bitiruvchi yosh mutaxassislar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘rnatish, bandlik masalalarini hal etish va kasbiy yo‘naltirish maqsadida tashkil etildi.
Yarmarkada Respublikamizdagi sog‘liqni saqlash tizimiga qarashli ko‘plab tibbiyot muassasalari, ixtisoslashtirilgan ilmiy markazlar, viloyat va tuman tibbiyot birlashmalari vakillari ishtirok etdi. Ular talabalar bilan bevosita suhbatlar o‘tkazdi, bo‘sh ish o‘rinlari, yo‘llanmalar va shartnoma asosida ishga qabul qilish tartibi haqida batafsil ma’lumotlar berdi.
Tadbir doirasida bitiruvchilarga kasbiy yo‘nalish bo‘yicha maslahatlar berildi, rezyume tayyorlash, ishga joylashish jarayonida yuzaga keladigan huquqiy va amaliy masalalar yuzasidan seminar-treninglar tashkil etildi.
“Karyera 2025” mehnat yarmarkasi — bu nafaqat ish topish imkoniyati, balki sog‘liqni saqlash tizimi va bo‘lajak kadrlar o‘rtasida mustahkam aloqa o‘rnatish, kelajakdagi hamkorlik va istiqbolli loyihalarga zamin yaratish maydonidir.
Tadbir yakunida ko‘plab talabalar ish joylari bilan tanishish, yo‘llanma olish yoki ishga qabul qilinish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu esa yosh mutaxassislarning mamlakat sog‘liqni saqlash tizimidagi faoliyatini samarali boshlashlariga xizmat qiladi.